Линклар

Шошилинч хабар
19 май 2024, Тошкент вақти: 00:49

Matbuot erkinligi reytingida O‘zbekiston mavqei yanada pasaydi


“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining dunyodagi matbuot erkinligi bo‘yicha 2024 yilgi xaritasi
“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining dunyodagi matbuot erkinligi bo‘yicha 2024 yilgi xaritasi

Dunyodagi matbuot erkinligi darajasini kuzatuvchi “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) tashkiloti reytingida O‘zbekiston ketma-ketiga ikkinchi yil pastlashda davom etyapti.

Bu yilgi reytingda O‘zbekiston 180 ta davlat ichida 148-o‘rinni egallagan, bu esa mamlakatning 2023-yil reytingidagi o‘rnidan 11 pog‘onaga pastlaganini anglatadi.

O‘zbekiston 137-o‘rinni egallagani aytilgan o‘tgan yilgi xalqaro reytingda ham mamlakatning matbuot erkinligi bo‘yicha 4 pog‘onaga quyilagani kuzatilgan.

O‘zbekistonning matbuot erkinligi bo‘yicha reytingdagi yuksalishi so‘nggi bor 2022-yili kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda u 157-o‘rindan 133-o‘ringa ko‘tarilgan edi.

Qarorgohi Parijda joylashgan RSFning Butunjahon matbuot erkinligi kuni arafasida e’lon qilingan bu yilgi hisobotida “2016-yili prezident Islom Karimov o‘limidan so‘ng O‘zbekistonda OAV uchun shart-sharoit birozgina yaxshilangan”i, “hokimiyat tepasidagilarning tanqid qilish bilan bog‘liq vaziyat esa hali-hamon juda murakkabligicha qolayotgan”i urg‘ulangan.

Hisobotdan kelib chiqilsa, O‘zbekistonda o‘tgan bir yil ichida siyosiy indikator 20 pog‘onaga (132 dan 152 ga), iqtisodiy ko‘rsatkich 11 pog‘onaga (132 dan 143 ga), qonunchilik ko‘rsatkichi 17 pog‘onaga (120 dan 137 ga), xavfsizlik indikatori esa 9 pog‘onaga (127 dan 136 ga) pasaygan. Bular orasida faqat ijtimoiy indikator 2 pog‘onaga (147 dan 145 ga) yuksalgan.

RSF hisobotida mamlakatda davlat radiosi rasmiy propaganda bilan shug‘ullanayotgani, xususiy radiostansiyalar yopilib ketishdan cho‘chigani uchun har qanday tanqiddan tiyilib kelayotgani, bosma nashrlar davlat manfaatlariga xizmat qilayotganiga e’tibor qaratilgan.

“Ayrimlarining tahririyati xorijda joylashgan 15 chog‘li internet nashrgina sifatli kontent chop qilib kelmoqda. Ular sirasiga mamlakatda blokirovka qilingan Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining o‘zbek xizmati — “Ozodlik” radiosi ham kiradi”, deyilgan hisobotda nashrlarning qariyb uchdan bir qismi o‘z yoyinini rus tilida amalga oshirishi qo‘shimcha qilingan.

Xalqaro hisobotga muvofiq, O‘zbekistonda rasmiylar hukumat bilan tig‘iz aloqada bo‘lgan blogerlarning katta guruhi va ommaviy axborot vositalarini nazorat qilishadi, haqiqiy muxolifat nashrlari esa taqiq ostida.

RSF qaydicha, O‘zbekiston rasmiylari OAVga oid repressiv qonunlarni bekor qilish uchun zarur bo‘lgan islohotlar o‘tkazishi lozim. Mamlakatda senzura, nazorat va o‘z-o‘zini senzura qilish holatlari ustunlik qiladi.

Hisobotda o‘zbek mulozimlari jurnalistlarga iqtisodiy bosim o‘tkazayotgani yoki ularni “sotib olish” urinayotgani ham ta’kidlangan.

“Mustaqil OAV ko‘payishi ularning ayniqsa erkin matbuotni dastaklovchi xorijiy tashkilotlar tomonidan moliyalashtirilishini cheklayotgan qonun va qarorlar bilan to‘xtatib turilibdi”, deyilgan hisobotda.

RSF O‘zbekistonda blogerlarga tahdid yoki ularni hibsga olishlar haligacha davom etayotgani, avval uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan ayrim jurnalist va blogerlar qamoqdan chiqib kelgan bo‘lsalar-da, hanuz reabilititsiya qilinmaganiga e’tibor qaratgan.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining bu yilgi reytingida matbuot erkinligi bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Qirg‘iziston 120-o‘ringa, Qozog‘iston 142-o‘ringa, Tojikiston 155-o‘ringa, Turkmaniston esa 175-o‘ringa qo‘yilgan.

Xalqaro reytingdagi eng yuqori o‘rinlarni Norvegiya, Daniya va Shvetsiya, eng past o‘rinlarni esa Afg‘oniston, Suriya va Eritreya kabi mamlakatlar egallagan.

XS
SM
MD
LG