Линклар

Шошилинч хабар
19 май 2024, Тошкент вақти: 02:37

“O‘zatom” AES bo‘yicha rossiyaliklar bilan tayinli qarorga kelmagan


O‘zbekistonda AES qurilishi uchun maqbul joy sifatida Jizzax viloyati Tuzkon ko‘li yaqinidagi maydon tanlangani aytilgan ("O‘zatom" saytidan olingan surat)
O‘zbekistonda AES qurilishi uchun maqbul joy sifatida Jizzax viloyati Tuzkon ko‘li yaqinidagi maydon tanlangani aytilgan ("O‘zatom" saytidan olingan surat)

O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha Rossiya vakillari bilan muzokaralarda hali umumiy gapdan nariga o‘tilgani yo‘q. Bu haqda “O‘zatom” rahbari Azim Axmedxadjayev “Gazeta.uz” muxbiri savoliga javob berish asnosida bildirgan.

Biz hozir faqat gaplashyapmiz, umumiy gaplar bo‘lyapti, hech narsaning anig‘i yo‘q. Rossiya tomoni ham sal umumiyroq aytmoqda, lekin buni qandaydir qo‘shimcha qo‘shib, boshqa hikoyaga olib chiqishyapti. Lekin, umuman olganda, hozir hech narsa yo‘q. Faqat umumiy gap. Ular bilan faqat qaysi yo‘nalishlarda qanday imkoniyatlar borligini ko‘rib chiqyapmiz”, deya iqtibos keltirgan “Gazeta.uz” nashri Atom energetikasini rivojlantirish agentligi direktori so‘zlaridan.

O‘tgan haftada Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktorining birinchi o‘ribosari Kirill Komarov O‘zbekiston bilan AES qurish bo‘yicha shartnoma yuzasidan muzokaralar “ancha muvaffaqiyatli” o‘tayotganini ta’kidlagan edi.

Men hech kimga ta’sir o‘tkazmaslik uchun bunday holatlarni, sanalarni aytmaslikka harakat qilaman, chunki bu — juda muhim qaror. Bu qaror O‘zbekistondagi keyingi 100 yildagi vaziyat qanday bo‘lishini belgilaydi. Shuning uchun ham, sizga aytamanki, shoshqaloqlik qilish yoki ma’lum xatoga yo‘l qo‘yishdan ko‘ra barcha nyuanslarni muhokama qilish uchun qo‘shimcha vaqt sarflagan ma’qul. Lekin biz istalgan vaqtda ushbu loyihani amalga oshirishga kirishishga tayyormiz”, deb yozgan edi TASS agentligi “Rosatom” mulozimi so‘zlariga iqtibosan.

Ammo “O‘zatom” direktori rossiyalik mulozim so‘zlarini tasdiqlagan emas. Axmedxadjayev O‘zbekiston tomoni Rossiya bilan faqat energetika yo‘nalishi bo‘yicha gaplashmayotganiga e’tibor qaratgan.

Chunki atom faqat energetika emas. Meditsina ham bor, qishloq xo‘jaligi ham bor, suv tozalash ham bor va hokazo. Hozir shu kabi boshqa yo‘nalishlarni o‘rganib chiqyapmiz. Shundan keyin qaysi soha bizga yaqinroq ekani va qaysi sohani birinchi bo‘lib rivojlantirishimiz kerakligini aniq tushunamiz”, degan O‘zbekiston Atom energetikasini rivojlantirish agentligi rahbari.

Ayni paytda mart oyi oxiridan buyon “O‘zatom”ga yetakchilik qilayotgan Azim Axmedxadjayev atom energiyasi bo‘yicha boshqa davlatlar bilan muzokaralar olib borilmayotgani, biroq turli mamlakatlardan kelayotgan takliflar o‘zbek rasmiylari tomonidan ko‘rib chiqilajagini qo‘shimcha qilgan.

Hech qaysi davlat bilan aniq muzokaralar bo‘layotgani yo‘q. Boshqa davlatlardan har xil takliflar kelib tushmoqda. Masalan, Amerikadan yoki Koreyadan. Har xil takliflar bor, ularni ish tartibida ko‘rib chiqamiz”, degan o‘zbekistonlik mulozim.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov o‘tgan yilning noyabr oyi oxirlarida O‘zbekiston AES qurilishi bo‘yicha nafaqat Rossiya, balki boshqa xorijiy mamlakatlar “tajribasi va texnologiyalari”ni o‘rganayotganini aytib, har qanday potensial atom obyekti avval-boshda taxmin qilinganidan kichikroq bo‘lishi mumkinligiga shama qilgan edi.

O‘sha paytda ham Mirzamahmudovning bu so‘zlari undan bir necha kun oldin “O‘zbekiston bilan AES qurish bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda” deya bayonot bergan “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachyovnikidan keskin farq qilgandi.

O‘zbekistonda AES qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida kelishuv Toshkent va Moskva rasmiylari tomonidan 2018-yil sentyabrida imzolagan bo‘lib, unga ko‘ra, “Rosatom” VVER-1200 reaktor qurilmasiga ega “3+” avloddagi ikkita energoblokdan iborat majmua qurishi aytilgan. Stansiya O‘zbekiston budjet mablag‘i va Rossiya davlat krediti hisobidan qurilishi rejalashtirilgan.

Energetika vazirligi AES bloklari 2030-yilda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning 15-18 foizini qoplashini bildirgan. Yirik inshoot qurilishi uchun maqbul joy sifatida Jizzax viloyati Tuzkon ko‘li yaqinidagi maydon tanlangani ham xabar qilingan edi.

AES qurilishi borasida xabarlar paydo bo‘lgan ilk kezlardanoq jamoatchilik va ijtimoiy faollar loyihaning nechog‘li ekologik xavfsiz va seysmik bardoshli ekanini muhokama qila boshlashgan. Stansiya qurilishida hamkor o‘laroq Rossiya tanlangani ham qator e’tirozli savollar tug‘dirgan.

XS
SM
MD
LG